#afisha_Nazm_va_navo_kechasi
#Alisher_Navoiy_583_yil
#Zahiriddin_Muhammad_Bobur_541_yil
Bugun, 14-fevral kuni O‘zbekiston kompozitorlari va bastakorlari uyushmasida buyuk bobokalonlarimiz, g‘azal mulkining sultonlari, davlat arboblari, o‘zbek mumtoz adabiyotining yirik namoyondalari Nizomiddin Mir Alisher Navoiy tavalludining 583 yilligi hamda Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 541 yilligiga bag‘ishlangan Nazm va navo kechasi bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist, O‘zbekiston davlat san'at va madaniyat instituti "Milliy qo‘shiqchilik" kafedrasi professori Ahmadjon Dadayev boshchiligidagi xushovoz xonanda hamda mohir sozandalardan tashkil topgan ansambl buyuk adiblarimiz g‘azallariga yaratilgan kuy-qo‘shiqlarni ijro etib, tadbirning musiqiy qismini yoritib berdi. Qolaversa, O‘zbekiston Respublikasi san'at arbobi, B.Zokirov nomidagi milliy estrada san'ati instituti "Estrada xonandaligi" kafedrasi mudiri, professor, taniqli kompozitor Dilorom Amanullayevaning ijod namunalari barcha tinglovchilarda yorqin taasurotlar qoldirdi. Ijodiy kecha davomida uyushma a'zoligiga yaqinda qabul qilingan ijodkorlarga a'zolik guvohnomalari topshirildi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta'lim tashkilotlari direktor va mutaxassislarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish institutining "Maktabgacha va musiqiy ta'lim" kafedrasidan tashrif buyurgan mehmonlar ijodiy kecha so‘ngida taniqli kompozitorlar bilan musiqa ijodiyotiga doir suhbat olib bordilar.